Xabarlar

O‘zbekistonda shaharlarda 5-6 ta nikohdan biri ajrashish bilan yakuniga yetmoqda

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 98 foizi oilalarda istiqomat qiladi. Hozir mamlakatda 7 million 500 mingdan ortiq  oila mavjud bo‘lib, qayd etilayotgan nikohlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning “Oila davrasida” gazetasida yozishicha, aholi orasida olib borilayotgan keng ko‘lamli tushuntirish ishlariga qaramay, ajrimlar soni oshib borayotgani barchani jiddiy tashvishga soladi.

Ishchi guruhlar tomonidan 5,6 mingdan ziyod ajrimlarning oldi olinishiga qaramay, 2017 yilning 1-choragi davomida mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 542 taga ortgan. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, oilaviy ajrimlar soni joriy yil birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Xorazm viloyatida 41 foizga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 34 foizga, Buxoro viloyatida 24 foizga, Surxondaryo viloyatida 23 foizga ko‘paygan.

Ajrimlar tahlili, bunday holatlar, ayniqsa, yosh oilalar o‘rtasida ko‘payayotganini, shaharlarda qishloqlarga nisbatan ajrashishlar soni ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Masalan, qishloq joylarda har sakkizta nikohdan bittasi ajrim bilan tugayotgan bo‘lsa, shaharlarda 5-6 ta nikohdan biri, ayrim shaharlarda esa 3-4 ta nikohdan bittasi ajrim bilan yakuniga yetmoqda.

Oilaviy ajrimlar o‘rganilganda, ko‘proq yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, sog‘lig‘iga e’tiborsizligi, yigitlarning oilani boshqarish, ro‘zg‘orni moddiy ta’minlash, farzandlarini tarbiyalash mas’uliyatini yetarli darajada his etmasligi, qizlarning esa uy bekasi, onalik vazifalarini tushunmasligi, oilada normal ma’naviy muhitni yaratishga qodir emasliklari sabab bo‘layotgani ko‘rinadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat ajralganlar yoshi 20-25 da bo‘lib, ular bor-yo‘g‘i 1-1,5 yil oila qurgan, xolos. Ajralish holatlarining 18-20 foizi oiladagi kelishmovchiliklar, 22-25 foizi o‘zaro muhabbatning yo‘qligi, xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi, qolganlari esa farzandsizlik, er yoki xotinning kasalligi, eng achinarlisi, yigitlarning ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarga berilib ketishi oqibatida yuzaga kelgan. Oila munosabatlarida barqarorlik oila qurayotgan yoshlarning ma’lumot olishi, kasb-hunar egallashi va eng asosiysi, iqtisodiy mustaqil bo‘lishiga ham bog‘liq.

Manba: Sof.uz